Kelajak poydevorlari

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 25 dekabr kuni “2018-2022 yillar davrida bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qayd etilsinki, respublikada sog‘lom bolalar tug‘ilishi, homilador ayollar va chaqaloqlarda patologiyani barvaqt aniqlash uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan zamonaviy perinatal markazlar hamda “Ona va bola skrining” markazlari tarmog‘i yaratildi, tug‘ruqqa yordam beruvchi va pediatriya muassasalarining moddiy-texnika bazasi va kadrlar salohiyati mustahkamlandi, tug‘ma va irsiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, davolash hamda ular profilaktikasining zamonaviy usullari joriy etildi.2013-2017 yillar davrida bolalikdan nogironlar tug‘ilishining oldini olish uchun tug‘ma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash Davlat dasturi doirasida barcha “Ona va bola skrining” markazlari hal qilish imkoniyati yuqori bo‘lgan biokimyoviy analizatorlar va zamonaviy ultratovush skanerlar bilan jihozlandi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika “Ona va bola skrining” markazlari chaqaloqlarda va kichik yoshdagi bolalarda irsiy kasalliklarning keng doirasiga tashxis qo‘yish uchun yuqori texnologik analizatorlar – tandem mass-spektrometrlar bilan jihozlandi.

Amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasida 1,1 milliondan ortiq homilador ayol tekshiruvdan o‘tkazildi, bu 21 ming nafardan ortiq rivojlanishida tug‘ma nuqsonlar bo‘lgan bola tug‘ilishining oldini olish imkonini berdi. 1,7 milliondan ortiq chaqaloq tug‘ma va irsiy kasalliklar yuzasidan tekshirildi, 2,7 ming nafar bolaga rivojlanishning tug‘ma nuqsonlarini bartaraf etish yuzasidan malakali tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Shu bilan birga, tug‘ma va irsiy kasalliklarning oldini olish bo‘yicha profilaktik va davolash-tashxis qo‘yish tadbirlarini, ayniqsa, qishloq joylarda bo‘lajak onalar va bolalarning sog‘lig‘i holati ustidan patronaj tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, jahon amaliyotiga muvofiq tug‘ruqqa yordam beruvchi muassasalarning va “Ona va bola skrining” markazlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash talab etiladi.

Onalar va bolalar sog‘lig‘ini har tomonlama mustahkamlash, sog‘lom avlod tug‘ilishi va uni tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarni shakllantirish, homilador ayollar va chaqaloqlarda patologiyani barvaqt aniqlash davlat tizimini yanada rivojlantirish, bolalarda nogironlikni kamaytirish, shuningdek, “Ona va bola skrining” markazlarining kadrlar salohiyati va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida: